Prezident: “Kamolot” butun O‘zbekiston yoshlarini birlashtirgan, tom ma’nodagi ommaviy harakatga aylana olmadi

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 30-iyun kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Prezidenti nutq so‘zlab, mohiyat e’tibori bilan yoshlarning haqiqiy tayanchi va suyanchi bo‘lishi zarur bo‘lgan tashkilot faoliyatidagi jiddiy kamchilik va nuqsonlarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, “Kamolot” butun O‘zbekiston yoshlarini birlashtirgan, tom ma’nodagi ommaviy harakatga aylana olmadi. U asosan o‘z atrofida Harakat faoliyatiga xayrixoh bo‘lgan yoshlarni uyushtirib, faqat ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidangina ish olib bordi.

Natijada yoshlarning keng qatlamlariga taalluqli bo‘lgan dolzarb masalalar, avvalo, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni katta maqsadlar sari safarbar etish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, qisqacha aytganda, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘zini haqiqiy yoshlar tashkiloti sifatida ko‘rsata olmadi. Buning oqibatida uyushmagan, ya’ni, ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, salbiy ta’sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi davlat va jamiyat uchun rahbar kadrlarni tayyorlab beradigan o‘ziga xos markaz bo‘lishi, zamonaviy tilda aytadigan bo‘lsak, yoshlar uchun “sotsial lift” vazifasini bajarishi kerak. U bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi, fidoyi yosh rahbarlarning kadrlar zaxirasini yaratishi kerak.

Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tashkil etish zarur.

Uchinchidan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining obro‘si va ta’sirini oshirish uchun mamlakatimizda yoshlar manfaatini ta’minlashga qaratilgan ishlarda uning ishtirokini har tomonlama kengaytirish zarur.

Yoshlar, yosh oilalar uchun shaxsiy uy-joyga ega bo‘lish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, biz bu yo‘nalishda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz kerak.

Barcha tuman va shaharlarda, jumladan, chekka hududlarda “Yoshlar uylari”ni qurish bo‘yicha to‘rt yillik aniq reja ishlab chiqish va 2018 yildan uni bajarishni boshlash lozim.

To‘rtinchidan, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi biz uchun hamon eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi maqsadida ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin, shunga qaramasdan, bu borada muammolar ham oz emas.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun avvalo ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida biz bir qator chora-tadbirlarni ko‘zda tutmoqdamiz. Ayni paytda qo‘liga diplom olib, mustaqil ish boshlayotgan yoshlarimiz uchun ham qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beriladi.

Beshinchidan, yoshlar hayoti, o‘y-kechinmalari, orzu-niyatlari, eng muhimi, ularni qiynayotgan masalalar, afsuski, radio va televidenie, gazeta va jurnallarda o‘z ifodasini to‘liq topmayapti. Masalan, “Kamolot” radiosini, “Kamolot”ning Internet saytini oladigan bo‘lsak, ularda o‘tkazilgan yuzaki tadbirlar, engil-elpi qo‘shiqlar, o‘zini o‘zi maqtash, chiroyli qiyofalardan boshqa narsani deyarli ko‘rmaymiz.

Oltinchidan, yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta’siridan asrash masalasi barchamiz uchun eng asosiy vazifa bo‘lib turibdi. Maktabda, litsey-kollej yoki mahallada bir bola adashib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketar ekan, bundan avvalo uning tengdoshlari, yoshlar tashkiloti xabardor bo‘lishi, hech kimni tinch qoldirmasdan, bong urishi kerak emasmi?

Buning uchun bu masalani, ya’ni, ota-onalarning farzandlar tarbiyasi uchun mas’uliyati va burchini huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Ettinchidan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ma’naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, ya’ni notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil bo‘lgan yoki profilaktik ro‘yxatda turadigan yoshlar bilan individual tarzda ish olib borishga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim.

Iqtidorli, tarbiyali bolalar bilan ishlash oson, lekin hayotda qoqilgan yoki yomon muhitga tushib qolgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga, ezgu maqsadga da’vat qilish, ishontirish qiyin. Yangi tashkilot mana shu og‘ir, lekin o‘ta zarur vazifani o‘z zimmasiga olishi ayni muddao bo‘lur edi.

Eslatib o‘tamiz, qurultoy chog‘ida “Kamolot” YoIH faoliyati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilishi ma’lum bo‘ldi.

Fikr bildirish

Latest from Blog