Prezident islom dunyosi ilmiy salohiyatini oshirish zurarligini yoqlab chiqdi

Ayni vaqtda ko‘plab musulmon mamlakatlari ilm-fan va texnologiyalar sohasida rivojlangan davlatlardan sezilarli darajada orqada qolayotganini tan olish lozim. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Islom hamkorlik tashkilotining «Fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va islom olamini modernizatsiya qilish» mavzusidagi fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitidagi nutqida ma’lum qildi.

Foto: akorda.kz

 Uning so‘zlariga ko‘ra, fundamental fan sohalarini rivojlantirish, davrning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar topishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish islom olamining ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

«Aksariyat musulmon mamlakatlari boy tabiiy zaxiralarga, katta moliyaviy salohiyatga ega bo‘lsa-da, iqtisodiyotga innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishda faollik ko‘rsata olmayotganini afsus bilan qayd etish lozim», — dedi davlat rahbari.

U quyidagi dalillarni keltirib o‘tdi: IHTga a’zo davlatlarning faqatgina 11 ta oliy ta’lim muassasasi jahonning 500 ta eng yaxshi universiteti reytingidan o‘rin olgan. 2015-yilda dunyo bo‘yicha patent olish borasidagi murojaatlarda bu mamlakatlarning hissasi atigi 1,9 foizni tashkil etgan. Tashkilotga a’zo davlatlarda 2016-yilda e’lon qilingan ilmiy maqolalarning qariyb 80 foizi 7 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotining 2016−2025-yillarga mo‘ljallangan O‘n yillik harakatlar dasturi va uning ustuvor yo‘nalishlarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Birinchi vazifa global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq. O‘zbekiston tuproq yemirilishi, unumdor yerlarning qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi jiddiy muammolarga qarshi kurashda «personallashtirilgan qishloq xo‘jaligi» konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etadi.

«Bu konsepsiya qishloq xo‘jaligi ekinlarining muayyan muhit, tuproq, o‘g‘it, suv va biostimulyatorlarga nisbatan reaksiyasini inobatga olib, ularning aniq genotiplariga e’tibor qaratishni nazarda tutadi», — dedi Prezident.

O‘zbekiston ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyalashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur, deb hisoblaydi. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning barqaror va inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotga erishish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan musulmon davlatlari o‘rtasida infratuzilmalar bo‘yicha integratsiyani tashkil etish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezident IHTning Ilm-fan bo‘yicha doimiy qo‘mitasi tavsiyasiga binoan a’zo davlatlar hududida oltita Yuqori samarali kompyuter markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyasiga muvofiq, shunday markazlardan birini O‘zbekistonda joylashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek u yosh olimlarga bilim va tajriba almashish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradigan Musulmon olami yosh olimlari xalqaro markazini tuzishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev Doimiy qo‘mita homiyligida O‘zbekistonda Al-Xorazmiy xotirasiga bag‘ishlab, yosh matematiklar o‘rtasida Xalqaro olimpiadani tashkil etishni taklif qildi.

«Musulmon dunyosida erishilayotgan ilm-fan yutuqlarini munosib taqdirlash hamda ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish uchun Islom hamkorlik tashkilotining maxsus mukofotini ta’sis etish maqsadga muvofiq», — dedi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning muqobil energiya manbalarini keng miqyosda o‘zlashtirish yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot ishlari va tajriba-innovatsion loyihalarni birgalikda, xususan, investitsiyalar kiritish hisobidan amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, a’zo davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, aholining munosib hayot darajasini ta’minlash maqsadida Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitni har uch yilda bir marta o‘tkazishni va ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, keyingi sammitni 2020-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Prezident IHTning Samarqandda superzamonaviy teleskop o‘rnatish taklifi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochib bergan sammitda IHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning qariyb 80 delegatsiyasi ishtirok etdi.

Ostonada Shavkat Mirziyoyev EXPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasi yopilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar