Prezident ijtimoiy tarmoqda oʻtiradigan yoshlarni tanqid qildi

Oʻzbekiston prezidenti “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida soʻzlagan nutqida ijtimoiy tarmoqlarda oʻtiradigan yoshlarni tanqid qildi.

Foto: vociglobali.it

“Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani sizlarga maʼlum. Lekin, koʻplab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, koʻp vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazayotgani — bu ham bor gap.

“Albatta, biz Internet va boshqa zamonaviy axborot manbalarining oʻrni va ahamiyatini inkor etmaymiz. Bugungi hayotimizni Internetsiz tasavvur qilishning oʻzi qiyin.

Shuni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali maʼnaviy targʻibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan oʻtgan, yuksak maʼnaviyat xazinasi boʻlgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz” — qoʻshimcha qildi prezident.

Oʻzbekiston rahbari aholi, eng avvalo, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik saviyasini oshirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yoʻnalishlarda tanlovlar oʻtkazish, yakuniy bosqich gʻoliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berishni taklif qildi.

“Oʻylaymanki, bu juda katta ragʻbat boʻladi”, — qoʻshimcha qildi Mirziyoyev.

Fikr bildirish

Latest from Blog