Prezident farmoni bilan soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi

18-iyul kuni Prezident “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Foto: Uz24

Farmon bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilandi:

soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub’yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish;

soliq solish ob’yektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta’minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotini o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish;

soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;

makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish ob’ektlarini to‘liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish;

faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;

soliq solish masalalari, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;

kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘z vaqtida va samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida ular bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi funktsiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq ta’tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda. Shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda.

Soliq nazoratining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz shakllari samaradorligini oshirish maqsadida kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida “sog‘lom raqobat”ni ta’minlash va “xufiyona biznes” yuritishga barham berish maqsadida:

davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati berilmoqda;

soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, real ish o‘rinlarini legallashtirish uchun davlat soliq xizmati organlariga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspektsiyasi tashkil etilib, uning faoliyati byudjet daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta’minlash, soliq va bojxona to‘lovlarining yig‘iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, Davlat byudjeti daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash, soliq solish ob’ektlari va soliq solinadigan bazani to‘liq qamrab olish ustidan nazoratni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini muvofiqlashtirish va soliq to‘lovchilarga interaktiv davlat xizmatlari taqdim etish amaliyotini kengaytirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Farmon bilan 37 ta banddan iborat Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Soliq qonunchiligi va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha Ishchi komissiya tashkil etildi.

Farmonga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvariga qadar tadbirkorlik sub’ektlarini elektron raqamli imzo bilan, shuningdek soliq to‘lovchilarga soliq organlarining barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini to‘liq ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar