Praga shahrida vatandoshlar bilan sayyor qabullar o‘tkazildi

2017-yilning 26-iyun va 9-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi (konsullik okrugiga Chexiya Respublikasi ham kiradi) konsullik bo‘limi vakillari Praga shahrida vatandoshlar bilan sayyor qabullar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda 230 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etdi hamda konsullik hisobiga qo‘yish, bolalar uchun yo‘l hujjatlarini tayyorlash, fuqarolik holati dalolalatnomalari, vaqtincha chiqish yoki doimiy yashash ruxsatnomasini olish va fuqarolikdan chiqish tartibiga doir masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Praga shahrida vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi jasadini vatanga yuborish hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar hal qilindi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra hozirgi paytda Chexiyada turli sabablarga asosan ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolari va vatandoshlarimiz yashaydi. Shu munosabat bilan bir guruh vatandoshlarimiz Chexiyada bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun yurtdoshlarimizni birlashtiradigan Milliy madaniy markaz ochishga ko‘mak berishnini so‘rab murojaat qildi.

Tashabbuskorlarga tushuntirildiki, tashkiliy masalalar Chexiya Respublikasining amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda hal etilishi lozim. Elchixona davlatimiz rahbarining Farmoni bilan tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlik o‘rnatishga yordam beradi.

Latest from Blog