Foto: Mateusz Morawiecki / Facebook

Polsha Kobuldan 50 kishini Navoiy orqali evakuatsiya qildi

Polsha Harbiy-havo kuchlarining Lockheed C-130H Hercules harbiy samolyoti 18-avgust kuni 50 kishini Afgʻonistondan Oʻzbekistonga olib keldi, deya xabar qildi PAP nashri Polsha tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marsin Pshidachga tayangan holda.

Evakuatsiya qilinganlar orasida Polsha fuqarolari hamda mamlakatning Afgʻonistondagi davlat muassasalari va diplomatik missiyalari faoliyatida ishtirok etgan, hamkorlik qilgan boshqalar bor.

Evakuatsiyadan avval Polsha TIV rahbari oʻrinbosari Marsin Pshidach Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilovga fuqarolarni evakuatsiya qilishda koʻmak koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan.

Navoiyda Polshaning LOT fuqaro aviatsiyasiga tegishli Boeing 787 yoʻlovchi samolyoti evakuatsiya qilingan fuqarolarni Navoiy aeroportidan Polshaga olib ketdi. Mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiy navbatdagi transport Kobulda qolgan odamlarni olib kelishini maʻlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Polsha qochqinlarni evakuatsiya qilishda YeI va NATOga yordam berish istagida.

Eslatib oʻtamiz, hozirda Oʻzbekiston Afgʻonistondan mamlakat fuqarolari va himoyaga muhtoj bir qancha afgʻonlarni evakuatsiya qilish ishlarida Germaniyaga koʻmak koʻrsatmoqda. Odamlarni Kobuldan Toshkentga Bundesver harbiy samolyotlari olib kelmoqda, shundan soʻng mahalliy yoʻnalishlar aeroportida ular Lufthansa va Uzbekistan Airways aviakompaniyalari yoʻlovchi laynerlariga koʻchirilmoqda.

Latest from Blog