Pensiya va oyliklar naqd pulda beriladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Foto: President.uz

Qayd etilishicha, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.

May oyidan pensiya, nafaqa va ish haqlari to‘liq kartalarga o‘tkazilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda kartalarni yetkazib berishdagi muammolar, ularni olishda Xalq banki filiallarida uzun navbatlar vujudga kelgani va pensiyalarni to‘lash vaqtlarining kechikkani, shuningdek, Humo kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishdagi qiyinchiliklar haqida ko‘plab shikoyatlar bildirildi.

Markaziy bank pensiyalarni bank kartalari orqali yetkazib berish yetarli darajada amalga oshirilmagani, bu aholi uchun qator noqulayliklar tug‘dirganini tan oldi.

“Pensiya mablag‘larini yagona bank orqali yetkazib berish tizimi o‘zining samarasizligini va ushbu amaliyotdan voz kechish zarurligini ko‘rsatdi. Bu pensionerlarga o‘z xohishiga ko‘ra har qanday bankdan hisob raqam ochish va ularning kartalaridan foydalanish imkonini beradi. Bu imkoniyat bir martalik bo‘lmaydi va pensionerlar bank xizmatlari qanchalik sifatli ko‘rsatilishiga qarab xizmat ko‘rsatayotgan bankni o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi”, — degan edi Markaziy bank departamenti direktori Abrorxo‘ja Turdaliyev.

Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog