Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Parkent tumanida soyda cho‘milayotgan ayol samosud qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumanida soyda choʻmilgani aytilgan ayolning “samosud” qilingani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Tulaganov izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur holat Parkent tumani IIB Navbatchilik qismida 20 iyul kuni roʻyxatga olingan.

Unga koʻra, Parkent tumani, Nevich mahallasida yashovchi fuqaro M.M. (1984 y.t. ayol) mahalla hududidan oqib oʻtuvchi “Qizilsoy” soyida choʻmilayotgan fuqaro D.G. (1987 y.t. ayol)ni yoniga borib, bu suvdan isteʼmol qilishlarini aytgan. M.M fuqaro D.G. bilan janjallashib, uning egnida boʻlgan kiyimlarini zoʻrlik bilan yechib tashlagan. Uni urib-tepib tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan JKning 277-moddasi 1-qismi (Bezorilik, yaʼni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilsa) va 140-moddasi 1-qismi (Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Jarayonda albatta qonun ustuvorligi va qilmishga yarasha jazoning muqarrarligi taʼminlanib, batafsil maʼlumot beriladi”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog