O‘zMUning ikki nafar talabasi xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Bolgariyada 31-iyul – 6 avgust kunlari 24-xalqaro matematika olimpiadasi o‘tkazildi. Unda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakulteti 4-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimovlar ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar qildi.

Foto: nuu.uz

Hakimboy Egamberganov to‘rtinchi, Shohruh Ibragimov ikkinchi bor nufuzli xalqaro olimpiadalarning oltin medallariga ega bo‘lishdi.

Hakimboy Egamberganov ilk bor 2014-yil maktab o‘quvchilari o‘rtasida Olmaota shahrida o‘tkazilgan X-xalqaro Jautikov olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘lgan. U ikkinchi oltin medalni 2015-yilda Bolgariyaning Vlagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada qo‘lga kiritgan.

Mazkur g‘alabasi uchun Hakimboy Egamberganov Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — University College London va Germaniyadagi matematikaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi magistratura bosqichiga taklif etilgan. Uning uchinchi oltin medali Kipr davlatining Protaras shahrida matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan 10-xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasida qo‘lga kiritilgan.

Shohruh Ibragimov 2014-yilda Bolgariyada bo‘lib o‘tgan xalqaro «Balkan» matematika olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘lgan. Kipr davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Latest from Blog