O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti TIVKdagi raisligi tugadi. Raislik Kot-d’Ivuarga topshirildi

10–11-iyul kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Abijan shahrida (Kot-d’Ivuar) bo‘lib o‘tgan 44-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: ISESCO

2016–2017-yillarda “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiori ostida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasining IHT TIVKdagi raisligi yakunlari to‘g‘risidagi hisobotdan so‘ng raislikni 2017–2018-yillarda Kot-d’Ivuar Respublikasiga rasman topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

IHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari tashkilot faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda siyosiy, huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalar bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qildi.

O‘zbekistonning boshqa a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusiga binoan “Samarqand shahridagi Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ta’sis etish to‘g‘risida” va “Toshkent islom universiteti qoshida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish to‘g‘risida” maxsus qarorlar qabul qilindi.

Bosh kitob Yusuf bin Ahmad al-Usaymin va tashkilotga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlarining nutqlarida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan TIVKning 43-sessiyasi va umuman 2016–2017-yillardagi O‘zbekiston raisligining muvaffaqiyatli natijalariga alohida urg‘u berildi.

Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan IHT Bosh kotibiyatida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘lim tashkil etildi.

Kot-d’Ivuar Respublikasi Prezidenti Allasan Dramane Uattaraning sessiyadagi so‘zlagan nutqida “Yoshlik, tinchlik va birdamlik dunyosida taraqqiyot” Kot-d’Ivuar raisligining shiori sifatida ilgari surildi. Ushbu shior O‘zbekiston raisligi davridagi tashabbuslarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

44-sessiya davomida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi yangi a’zolarining saylovi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov 3 yil muddatga komissiya a’zoligiga saylandi.

Kot-d’Ivuarga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi IHT bosh kotibi Yusuf bin Ahmad al-Usaymin, BAA iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit bo‘yicha vaziri Sani bin Ahmad al-Zeyudi, Pokiston bosh vaziri maslahatchisi Sartaj Aziz, Indoneziya tashqi ishlar vaziri Retno Lestari Priansari Marsudi, ISESCO’ning tashqi aloqalar va hamkorlik bo‘yicha direktori Ahmad Uld Bah bilan uchrashuv va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog