Foto: Kun.uz

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi vafot etdi

3 may kuni taniqli o‘zbek huquq faoli Surat Ikromov Toshkent shahrida 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda BBC yozmoqda.

Xabarga ko‘ra, huquqshunosning turmush o‘rtog‘i bugun ertalab soat 7:00 larda Surat Ikromovning yuragi urishdan to‘xtaganini ma’lum qilgan.

Surat Ikromov 2021 yil fevral oyidan buyon og‘ir xasta bo‘lgan. Uning o‘limiga o‘pkaning surunkali yallig‘lanishi, qandli diabet va prostata saratoni sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Surat Ikromov 1945 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2002 yilda O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga asos solgan. Ushbu tashkilot O‘zbekistonda siyosiy va diniy motivlarga asoslangan ko‘plab sud jarayonlari ustida monitoring o‘tkazgan.

O‘z faoliyati davomida Surat Ikromov ta’qib va tahdidlarga ham duchor bo‘lgan. Masalan, 2003 yilda Ikromov Toshkentda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, qattiq do‘pposlangan. Biroq, hujum qilgan shaxslarni IIV topa olmagan.

Latest from Blog