O‘zbekistonlik qizni fohishalikka majburlagan hindistonlik hibsga olindi

Dehli politsiyasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan qizni Hindistonga aldab chaqirgan va 6 oy davomida qullikda saqlagan mumbaylikni hibsga oldi. Bu haqida Outlook India nashriga tayanib Sof.uz  xabar bermoqda.

Foto: Hindustan Times

Ma’lum bo‘lishicha, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zbek qizi bilan tanishgan 34 yoshli Jangjit Singh ismi oshkor qilinmayotgan qizni Hindistonga taklif qiladi. O‘zini Sonu ismi bilan tanishtirgan Jangjit xususiy firma rahbari ekanligi va qizga yaxshi maoshli ish berishni va’da qiladi. Uning gaplariga laqqa tushgan 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Hindistonga borishga qaror qiladi.

Dehli aeroportida qizni kutib olgan Jangjit uning pasportini olib qo‘yadi va o‘z uyiga joylashtiradi. O‘zbekiston fuqarosini 6 oy davomida uyida qullikda saqlagan hindistonlik odamfurush uni fohishalikka majburlaydi va o‘zi ham uning nomusiga tegadi. Ma’lum bo‘lishicha, qizni Jangjit bilan o‘z dugonasi tanishtirib qo‘ygan.

Yarim yil davomida tutqunlikda yashagan O‘zbekiston fuqarosi 31-mart kuni Dehli politsiyasiga Jangjit ustidan shikoyat qilgan. Politsiyaga chaqirib, so‘roq qilingach hindistonlik yigit qo‘yib yuborilgan. O‘tgan oylar davomida politsiyadan yashirinib yurgan Jangjitni o‘tgan haftada Dehli politsiyasi qayta hibsga olishga muvaffaq bo‘lgan. Hindiston fuqarosiga nisbatan nomusga tegish va odam savdosi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ekspertiza Jangjit tomonidan qizning nomusiga tegilganini ko‘rsatgani aytilmoqda.

Bu Hindistonda O‘zbekiston fuqarosiga jinsiy tajovuz qilinishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. 15-mart kuni Dehlining Vasant Kunj mavzesida istiqomat qilgan o‘zbekistonlik ayol kvartirada birga yashagan yigit va uning 4 nafar do‘sti tomonidan nomusiga tegilgani to‘g‘risida politsiyaga shikoyat qilgan edi.

Latest from Blog