O‘zbekistonga turkiyalik mutaxassislar COVID-19‘ga qarshi kurashda maslahatchi sifatida keldi

O‘zbekistonga bir qancha turkiyalik mutaxassislar koronavirusga qarshi kurashda maslahatchi sifatida tashrif buyurdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: SSV

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, Prezident topshirig‘iga asosan mamlakatdagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurgan.

Ular orasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatitse Raxmet Gyuner bor.

Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov konsultantlarni qabul qilgan va mamlakatda COVID-19’ga qarshi olib borilayotgan choralar bilan tanishtirgan.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qildi. Tadbirda sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tafsilotlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Turkiya mutaxassislari bilan sog‘liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bunda ta’lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta’minlashgacha yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildilar. Reanimatsiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi.

“COVID-19 global muammosining inqirozli ko‘rinishlarini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, oldingi saflarda xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish hamda kasalligi gumonlanganlarni karantinga olish va bemorlarni davolash tadbirlari butunlay davlat tomonidan qoplanishi bo‘yicha O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Turkiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida turk mutaxassislari tibbiyot muassasalari, jumladan birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o‘rganib chiqadilar, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadilar hamda yurtimizning turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o‘tkazadi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, Turkiyaning COVID-19ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, koronavirus infeksiyasiga chalingan ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda.

Ayni paytda Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber ham O‘zbekistondagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida bo‘lib turibdi. U mamlakatning turli hududlarida ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilayotgani qayd etilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog