Foto: Independence Blue Cross

O‘zbekistonda xodimlari koronavirusga qarshi vaksina olgan kafe va restoranlar ish vaqtiga cheklov o‘rnatilmaydigan bo‘ldi

O‘zbekistonda Maxsus komissiya qarori bilan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, pandemiya bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiya yig‘ilishida umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasi muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan aholini ommaviy emlash koronavirusning yangi to‘lqinlarining oldini olishning muhim omili ekanligini hisobga olib, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini pandemiya sharoitida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va emlash jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida maxsus komissiyasining qarori bilan:

2021-yil 10-avgustdan:

umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

Bunda umumiy ovqatlanish obyektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno).

2021-yil 1-oktabrdan:

tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish subyektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda, ularning faoliyat ko‘rsatishi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani inobatga olinib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2021-yilning 28-iyunidan mamlakatdagi umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona va choyxonalarning ishlashiga soat 08:00 dan 20:00 gacha ruxsat berilgandi. 20-iyuldan esa ularning soat 08:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat berilishi belgilangandi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda 2 milliondan ortiq kishi kafe-restoranlar va u yoki bu darajada ularga aloqador bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi. Restoratorlar ko‘plab odamlar pulsiz qolishi haqida ogohlantirgan.

Shu sababli Oliy Majlis deputatlari 17-iyul kungi majlisda ovqatlanish maskanlari bo‘yicha cheklovlarni yengillashtirishni taklif qildi. Tadbirkor Zafar Hoshimov va Telegram’dagi “Davletovuz” kanali ham koronavirusga qarshi kurashda kafe-restoranlarni qurbon qilmasdan, ularga qo‘yilgan cheklovlarni yengillashtirishni so‘rab, umumiy ovqatlanish korxonalari epidemiya sharoitida ishlashi borasida bir qator o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.

Latest from Blog