Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov vafot etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Oʻzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Ostonov Safar Ostonovich 72 yoshida vafot etdi.

Uyushmada qoʻshimcha qilinishicha, jurnalist 8-iyun kuni olamdan koʻz yumgan. U soʻnggi vaqtlarda davolanayotgan boʻlgan.

U 1999-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi ham hisoblanadi.

Safar Ostonov 1948-yilning 13-noyabrida Samarqand viloyatida tavallud topgan. Maʼlumoti oliy, mutaxassisligi jurnalist. 1972-yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) tamomlagan.

U Mehnat faoliyatini 1971-yili Respublika yoshlar gazetasida musahhih vazifasidan boshlagan. 1990−1996-yillari “Sport”, “Oʻzbekiston futboli” gazetalarida bosh muharrir, 1996−2002-yillarda Oʻzbekiston prezidenti devoni yetakchi konsultant, bosh konsultant vazifalarida ishlagan.

2002-yildan “Oʻzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritib ketgan.

U 2019-yilgi parlament saylovlarida 63-Kattaqoʻrgʻon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalq demokratik partiyasi deputati etib saylangan. U Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan aʼzosi boʻlgan.

Latest from Blog