O‘zbekistonda universal progressiv patronaj modeli joriy etilmoqda

1 daqiqada oʻqiladi

BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) 9 mart kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga patronaj (uyga tashrif buyurish)ning universal-progressiv modeli bo‘yicha 50 000 nusxada qo‘llanma va kitobchalarni topshirdi.

YUNISEF vakolatxonasi xabariga ko‘ra, mazkur nashrlar homilador va yaqinda farzand ko‘rgan ayollar, shuningdek besh yoshgacha bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatadigan hamda aholi vaksinatsiya, homiladorlar salomatligi nazorati, kasalliklarni davolash uchum murojaat qiladigan asosiy xizmatlar ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiyot-sanitariya muassasalari faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan.

Materiallar bolalarning erta yoshdagi rivojlanishi, oziqlanish va ruhiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilmiy dalillarga asoslangan xalqaro tavsiyalar va standartlar asosida ishlab chiqilgan. Ular patronaj hamshiralarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishda yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi.

Olib borilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, patronaj dasturlari ota-onalik ko‘nikmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ota-onalar va farzanlarning salomatligi hamda farovonligini yaxshilaydi.

«Integratsiyalashgan oilaviy xizmatlar to‘plami transformatsion model bo‘lib, oilaga ko‘rsatiladigan xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Sog‘liqni saqlash tizimi shahar va qishloq joylarida, shu jumladan olis hududlarda oilalar, homilador ayollar va yosh bolalar bilan muloqot qilish uchun katta imkoniyatlarga ega», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

«Patronaj dasturlari individual yordamni ta’minlashda, muhtoj oilalarga va jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatishda, ota-onalar va parvarishlovchilarni qo‘llab-quvvatlashda, hamda ularning yosh bolalari uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratishda hal qiluvchi va muhim ahamiyatga ega», — deb ta’kidladi u.

YUNISEFda qayd etilishiga ko‘ra, yo‘riqnoma va kitobchalarni ishlab chiqish va nashr etish universal-pressiv patronaj modelini amalga oshirishdagi birinchi qadam hisoblanadi. Hozirda jamg‘arma Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda patronaj hamshiralarni yangi metodikaga o‘rgatadigan trenerlar guruhi tayyorlanmoqda.

Yangi model hamshiralarning diplom oldi o‘qish va malaka oshirish tizimiga kiritiladi. Barcha sa’y-harakatlar natijasida tibbiy yordam sifatini yaxshilash, yordam va g‘amxo‘rlikka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada yaxshilash mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Latest from Blog