O‘zbekistonda tez yordam xizmati dispetcherlari qayta o‘qitiladi

Endilikda tez yordam xizmati dispetcherlari kasbiy mahorati va malakasini mustahkamlash uchun qayta o‘qitilib, ularga nisbatan talablar ham oshiriladi. Bu haqida 22-iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi: dolzarb masalalar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Gazeta.uz

Ta’kidlanishicha, bugungi kun dispetcherining vazifasi faqat murojaatni yozib olib, uni kerakli mutaxassisga yetkazish emas, zarur holatda u murojaat qiluvchiga tez tibbiy yordam brigadalari yetib borguniga qadar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan birinchi tibbiy yordam bo‘yicha maslahatlar bera olishi ham kerak.

Shuningdek, anjumanda axborot berilishicha, shu kunlarda zarur vositalar bilan jihozlangan 200 ga yaqin tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilinib, ehtiyoj baland bo‘lgan hududlarga yetkazib berildi, yil oxirigacha yana 1200 ta tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasi sotib olinishi rejalashtirilgan.

Yaqinda Toshkent shahrida jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikalarning har biriga ikkitadan, jami 120 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi.

Endilikda bemorlarning uyiga borib, eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish hamda patronaj xizmatini ko‘rsatish kabi vazifalar o‘z vaqtida, kechiktirilmay amalga oshiriladi.

Avtomashinalar o‘z hududi bo‘ylab harakatlangani bois, yo‘llar tirbandligidan kelib chiqadigan tez yordam birigadalarining kechikishi kabi holatlarning oldi ham olinadi.

Latest from Blog