Foto: UzReport.news

O‘zbekistonda Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinadi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilib, yangi tahrirda ishlab chiqiladi. Bu haqda tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov 19-fevral, juma kuni Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Tashqi ishlar vazirligining ustuvor va dolzarb vazifalaridan biri sifatida Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yanada takomillashtirib, uning yangi tahririni ishlab chiqishni belgilab berdi.

Qayd etilishicha, mazkur topshiriqning ijrosi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralararo maxsus ishchi guruh tuzilib, tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining asosiy maqsad va vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:

  • zamonaviy xalqaro sharoitlardagi tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy sohalarda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish;
  • 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining samarali bajarilishini ta’minlash;
  • O‘zbekistonning milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini mustahkamlash;
  • O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi — Markaziy Osiyoda doimiy tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, barcha mintaqaviy va ikki tomonlama muammolarni konstruktiv yondashuv, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda, oqilona murosa va umumiy javobgarlik asosida birgalikda hal etishni ta’minlash;
  • O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji, o‘rni va obro‘sini mustahkamlashga qaratilgan barcha davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik va do‘stlik munosabatlarining barqaror tizimini barpo etish.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi konsepsiyada tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy vazifalarning iyerarxiyasi kengaytirilib, bir qator quyidagi masalalar, ya’ni:

  • jahon siyosatining madaniy-sivilizatsiyaviy va gumanitar qismi, diniy omil, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash;
  • O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqot va hamkorlikni rivojlantirish;
  • yangi muhim xalqaro tendensiyalar, shu jumladan, iqtisodiy, tabiiy-xomashyoviy, texnologik va axborot omillarining ahamiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi:

  • xorijda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini tizimli ravishda ilgari surishga;
  • xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli munosabatlarni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni muttasil va izchil rivojlantirishga;
  • O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimiga chuqur integratsiyalashuvi va xalqaro raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni yuksaltirish uchun qulay tashqi shart-sharoitlarni yaratishga;
  • mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda samarali mintaqaviy hamkorlik tizimini shakllantirishga;
  • O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish faoliyatini tubdan yaxshilashga;
  • O‘zbekistonning xalqaro imiji va nufuzini yanada mustahkamlashga mo‘ljallangan.

Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi loyihasi idoralararo kelishuvdan o‘tgan va Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda qabul qilinadi.

Latest from Blog