Foto: Aif.ru

O‘zbekistonda taksichilik bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar har oy 150 ming so‘m soliq to‘laydi

Taksichilik bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar respublikaning qaysi hududida faoliyatini amalga oshirishidan qat’i nazar 2021-yil uchun har oylik 150 ming so‘m qat’iy belgilangan miqdordagi va ijtimoiy soliqlarni to‘laydi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov AOKAda o‘tkazilgan brifing davomida ma’lum qildi.

Shuningdek, ulardan berilgan litsenziya varaqasi bo‘yicha bir yilga 245 ming so‘m miqdorida davlat boji undiriladi.

“Bunda 2021-yilda 1-sentabrgacha YATT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar uchun davlat boji undirilmaydi”, — deydi DSQ matbuot kotibi.

Avvalroq eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilayotgani haqida xabar berilgandi. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab YaTT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun boshlang‘ich to‘lov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming so‘mni, oylik to‘lov 1,5 barobarga kamayib 425 ming so‘mni tashkil qiladi.

Latest from Blog