Foto: Turizm va sport vazirligi

O‘zbekistonda “Qarabtep” (“lanka”) xalq o‘yini federatsiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-maydagi 33-sonli yig‘ilish bayoni bilan 2021-yilning iyun—iyul oylarida mamlakatda milliy qadriyatlardan bo‘lgan “Qarabtep” (“lanka”) xalq o‘yini musobaqalarini o‘tkazish belgilab qo‘yildi, deya xabar qilmoqda Turizm va sport vazirligi.

Turizm va sport vazirligida o‘tkazilgan davra suhbati mamlakat bo‘ylab “Qarabtep” xalq o‘yini musobaqalarining tashkil etilishiga bag‘ishlandi. Tadbirda so‘z olgan Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov “Qarabtep” xalq o‘yinining inson salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalib, xuddi shu ko‘rinishdagi jismoniy harakatlar xorijiy davlatlar, jumladan, Xitoyda juda keng ommalashgani, shu sababli ularda aholining salomatlik darajasi ancha yuqori ekanligini e’tirof etdi.

Shuningdek, davra suhbatida O‘zbekiston “Qarabtep” xalq o‘yini sport federatsiyasini tashkil etishga qaror qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad “Qarabtep”ni oddiy xalq o‘yini emas, balki sport turi sifatida yana-da ommalashtirish va yaqin kelajakda jahonga olib chiqishdan iborat ekanligi aytildi.

Tadbirda iyun-iyul oylarida O‘zbekiston bo‘ylab tashkil etilayotgan “Qarabtep” xalq o‘yini musobaqalariga respublikaning kamida 5 million aholisi qamrab olinishi rejalashtirilayotganligi ham ma’lum qilindi.

Latest from Blog