O‘zbekistonda o‘tgan yili 230 nafar ichki ishlar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bildirilgan asosli va tanqidiy fikrlaridan so‘ng mavjud patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari statsionar postlarining 74 tasi tugatildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma’lum qildi.

Foto: Gazeta.uz

2017-yilda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 3,7 milliondan ortiq qoidabuzarlik holati aniqlandi. 67148 haydovchi avtomobilini spirtli ichimlik ichib boshqargan. 40 mingga yaqin yo‘l harakati qoidalarini buzish holati esa piyodalar tomonidan sodir qilingan.

81128 huquqbuzarga nisbatan to‘plangan materiallar sudlarga yuborildi. Shundan 51 mingdan ortig‘i ma’lum muddatlarga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. 1,5 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan.

Hozirda yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan haydovchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni xolisona va qonun asosida hal qilish uchun har bir inspektorni haydovchi bilan suhbati to‘la aks ettiriladigan videokameralar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tajriba tariqasida yo‘l-patrul xizmatining mototsikldagi guruhlari tashkil etildi. Ularga yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlik hosil bo‘lishining oldini olish, yo‘llar va ko‘chalarning harakatlanishi qiyin bo‘lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda, shuningdek xorijiy va boshqa delegatsiyalarni kuzatishda harakat xavfsizligini ta’minlash vazifalari yuklatildi.

Prezidentning 2018-yil 14-fevraldagi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Bunda transport vositasi haydovchisi joyida bo‘lmagan taqdirda ham yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda to‘xtab turish holati qayd etiladi va rasmiylashtiriladi.

2017-yilda 12705 yong‘in sodir bo‘lgan. Bunda 159 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 398 nafari turli tan jarohati olgan. Yong‘inlar natijasida 68 milliard so‘mdan ortiqroq miqdorda moddiy zarar ko‘rildi. Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va joylardagi xodimlarning xizmatga sodiq va fidoyiligi tufayli yong‘inlar vaqtida 195 nafar fuqaro sog‘-omon holda yong‘indan qutqarib qolindi.

Jumladan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida safdor Alibek Shodmonov va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida safdor Murodjon Ziyovuddinovlar yong‘inni o‘chirish vaqtida xizmat vazifalarini bajara turib, halok bo‘ldi. Toshkent shahri, Chilonzor tumani yong‘in xavfsizligi xodimi kichik serjant Shukur Kalabayev yong‘in vaqtida o‘z jonini ayamasdan yonib turgan olovga kirib, 12 nafar fuqaroni olib chiqdi.

Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tomonidan 25331 xalq xo‘jaligi obyekti va 10 mingga yaqin xonadon qo‘riqlanmoqda. Qo‘riqlanayotgan obyektlardan mayda o‘g‘irlik uchun 6283 shaxs ushlanib, ulardan olingan 902 million so‘mdan ortiqroq qiymatdagi moddiy-tovar boyliklar egalariga qaytarildi. Ushbu huquqbuzarliklarni sodir qilgan shaxslarga sudlar tomonidan 594 million so‘mdan ortiqroq jarima qo‘llanildi.

Qo‘riqlash xizmati tomonidan savdo nuqtalari, bozorlar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, maktablar, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, madaniyat va istirohat bog‘larida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida 2 mingga yaqin jinoyatning oldi olindi.

Prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi qarori asosida vazirlik tizimida har bir mintaqada 1 tadan, jami 14 akademik litsey tashkil etildi. 2017-yilda xizmatda alohida namuna ko‘rsatgan hamda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 89 nafar xodimga davlat mukofotlari berildi, 10 mingdan ortiq xodim vazirlik tomonidan rag‘batlantirildi.

Ichki ishlar organlarida o‘z ishining ustasi bo‘lgan professional xodimlar bilan bir qatorda ichki ishlar organlari safiga g‘araz niyatlarda kirgan, o‘z manfaatini davlat va xalq manfatlaridan ustun qo‘yadigan xodimlar ham uchrab turadi. 2017-yilda xizmat intizomini buzganligi uchun 8032 nafar xodimga intizomiy jazo berildi. Shundan 230 nafari turli jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar