Foto: iacis.ru

O‘zbekistonda odam savdosi ikki baravardan ziyodga oshgan — Tanzila Norboyeva

2021-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha jami 45 630 ta jinoyat qayd etilgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga (21 535) ortgan.

/

Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021-yilning birinchi yarmida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risida axborot berdi, deb yozadi Gazeta.uz nashri.

Bobojonovning aytishicha, respublikaning har bir hududida o‘tkazilgan kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar kriminogen vaziyatning barqarorligini ta’minlash uchun zamin yaratgan.

“Xususan, joriy yilning 6 oyi yakuniga ko‘ra respublikaning 9 251 ta mahallasidan 4 559 tasida (49,3 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi”, — deydi vazir. 2017-yilning mos davrida jinoyatlar qayd etilmagan mahalla soni 3 855 ta (o‘shanda 9015 ta mahalla) bo‘lgan.

O‘zbekiston bo‘yicha jami 45 630 ta jinoyat qayd etilgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga (21 535) ortgan.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 548 ta korrupsiyaviy, 99 ta odam savdosi va 322 ta kiberjinoyatlar fosh etilgani aytilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva avvallari jinoyat ko‘p bo‘lsa, tizim tashkilotlari yaxshi ishlamayotgani tanqid qilinganini, hozir esa aybdorlar qonun oldida javob berayotganini qayd etgan.

U, shuningdek, axborotda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar borligi haqida gapirgan.

“Qariyb 3 mingta mahallada kriminogen vaziyat og‘ir, ya’ni ‘qizil’ toifada ekani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Yoki odam savdosi bilan bog‘liq aniqlangan jinoyatlar oldingi yilga nisbatan ikki baravardan ziyodga oshgan. Xususan, 34 ta holatda chaqaloqlar savdosi jinoyati aniqlangani o‘ta tashvishlidir. Bu muammolarga faqat Ichki ishlar emas, balki Sog‘likni saqlash, mahalla vazirliklari, mas’ul ko‘plab tashkilotlar jonbozlik ko‘rsatsin”, — deydi Tanzila Norboyeva.

Latest from Blog