O‘zbekistonda ma’muriy sudlar faoliyatini boshladi

O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlariga muvofiq, 2017-yil 1-iyundan boshlab ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolar va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati yangi tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) ma’muriy sudlariga o‘tkazildi.

Foto: Vlada.io

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ma’muriy sudlar sudloviga taalluqli bo‘lib, unga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan barcha ishlar, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolar toifasiga kiradigan ishlar kiradi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlar va qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar, saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlar, notariusning yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organlari harakatlarini bajarishni rad etgani yoxud ularni noto‘g‘ri bajargani ustidan berilgan shikoyatlar, prokurorning huquqiy hujjatni g‘ayriqonuniy deb topish to‘g‘risidagi arizasi, vakolatli organning jismoniy va yuridik shaxslar manfaatini ko‘zlab berilgan arizalari, davlat organining, fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizalar ham ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi.

Xo‘jalik protsessual kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgunga qadar ushbu Kodeks 24-moddasining 9-bandida ko‘rsatilgan, ya’ni davlat organlari va fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish idoralarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolar xo‘jalik sudlari (hozirda iqtisodiy sudlar) tomonidan ko‘rib chiqilar edi.

Bir nafar rais va bir nafar sudyadan tarkib topgan Samarqand shahar hamda har birida bir nafardan rais faoliyat ko‘rsatadigan 15 tuman, shahar ma’muriy sudlari ish boshladi. Shuningdek, har bir sudya uchun bir nafardan, jami 21 sud yordamchisi shtati joriy etildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog