Foto: “RIA Novosti”

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga ruxsat berildi

Rossiyaning Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida O‘zbekistonda sertifikatlashtirilgan holda ommaviy qo‘llash jarayoniga ruxsat etildi. O‘zAning xabar berishicha, bu haqda Maxsus komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Bugungi kunda ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya vaksinasini sertifikatlashtirish jarayoni 11-fevral kuni Rossiya vaksinasini ishlab chiquvchilaridan zarur materiallar, xususan, vaksinaning klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalari olinganidan so‘ng boshlangan edi.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishi ma’lum qilingan. Nurmat Otabekov O‘zbekistonda dastlabki bosqichda 50 mingga yaqin kishi COVID-19’ga qarshi emlanishini aytgandi. Bunda birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanadi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davolash profilaktika muassasalari qoshida 3138 ta emlash xonalari va 820 ta mobil brigadalar tashkil etilgan, ular barcha emlash ishlarini jadval bo‘yicha va bosqichma-bosqich amalga oshiradi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov 2021-yilning 8-yanvarida O‘zbekiston aholisining 20 foiziga yetarli miqdorda birinchi buyurtma berilganini aytgandi. JSST qo‘llashga ruxsat bergan Pfizer hamda BioNTech korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani O‘zbekistonda ham emlash jarayoniga jalb qilish uchun 100 ming dozaga rasman buyurtma berilgan.

Botirjon Qurbonov hozirda Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida Pfizer-BioNTech vaksinasini 70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatgichlar hozirlab qo‘yilganini bildirgan.

O‘zbekistonda ayni paytda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari davom etmoqda. Ushbu vaksina sinovida ishtirok etadiganlar soni qariyb ikki baravar oshirildi.

Ushbu klinik sinovlar natijalari muvaffaqiyatli yakunlansa, Innovatsiya vazirligi O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilgan.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar