Foto: Socially Keeda

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 400 ming nafardan oshdi

/

O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 17-aprel kuni jami 33 208 nafar kishi COVID-19’ga qarshi emlandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Shu tariqa ayni kungacha mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 403 136 nafarga yetdi.

17-aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:

  • Farg‘ona viloyati (4545 nafar);
  • Qashqadaryo viloyati (4350 nafar);
  • Samarqand viloyati (4344 nafar) band qildi.

Ta’kidlanishicha, hozirga qadar jami emlanganlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida (58 529 nafar) qayd etilgan. Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 44 309 nafarni Namangan viloyatida 40 664 nafar, Samarqand viloyatida esa 36 178 nafarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bugungi kunda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi — O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi. O‘zbekistonga aprel oxiriga qadar yana 1 million dona Xitoy va 300 ming dona “Sputnik V” vaksinalari olib kelinishi ma’lum qilingan.

Mamlakatda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1-apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlardan boshlandi. May oyida emlash tadbirlari tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlami emlanadi. 15-apreldan boshlab O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlarga onlayn-ma’lumotnomalarni berish boshlandi.

Latest from Blog