O‘zbekistonda Haj va Umra safariga qachon ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum qilindi

Oliy Majlis Senati va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov Haj va Umra safarlari masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Muzaffar Komilovning aytishicha, bu Saudiya Arabistonidagi vaziyatga bog‘liq.

“Saudiya Arabistonida kundan kunga kasallanish holatlari ko‘paymoqda. Kechagi ma’lumotni olib qarasak, bir kunda aniqlangan holat 600 nafardan oshdi. Aksari Makka va Ar-Riyoz hududiga to‘g‘ri kelyapti. O‘tgan kuni esa Madina shahrida ko‘proq edi. Shu sabab Saudiya Arabistoni to‘liq yopilgan. Umra dasturlari hammasi to‘xtatilgan”, — degan qo‘mita vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, safarlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan hozirda yozishmalar olib borilmoqda.

“Jidda shahridagi konsullikda Haj va Umra ishlari bo‘yicha alohida attashe faoliyat ko‘rsatadi. Kecha ham biz ma’lumot oldik. Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi bayonotidan kelib chiqsak, ehtimol, agar vaziyat biroz barqarorlashsa, 17-maydan ular ochishi mumkin. Lekin hali ular Sog‘liqni saqlash vazirligining xulosasiga tayangan holda ish ko‘radi”, — degan Muzaffar Komilov.

Bundan tashqari, ziyorat turizmini rivojlantirish, xorij davlatlari bilan ayni shu masalada hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berilgan.

“Oldimizda muborak Ramazon oyi turibdi. Turkiyaning TRT telekanali orqali har kuni 15 daqiqadan 20 daqiqagacha bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda O‘zbekistonning ziyoratgohlarining tarixi, bugungi kundagi ahamiyati, islom olamidagi o‘rni haqida ma’lumotlar beriladi. Efir iftor yoki saharlik mahaliga mo‘ljallanyapti, buni hali kelishyapmiz”, — degan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.

Uning aytishicha, Turkiya va boshqa davlatlarining sayyohlari ko‘proq Buxoro viloyatidagi “Yetti pir” majmuasiga qiziqish bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda 2021-yilgi Haj mavsumiga ruxsat berilgani, buning uchun ziyoratchilar emlangan bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu masalada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita murojaat bilan chiqib, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hozirga qadar hech qanday rasmiy qaror e’lon qilinmaganini ma’lum qilgandi.

Latest from Blog