O‘zbekistonda emlangan aholiga emlanganlik haqida sertifikat beriladi

Foto: Elements Envato

O‘zbekistonda emlangan fuqarolarga bu to‘g‘risida sertifikat beriladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

“Bu jarayonda muhim ahamiyatga ega shpris ta’minoti, xavfsiz qutilar ta’minoti va boshqalar uchun respublikamizda 6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratilgan va xaridlar amalga oshirilyapti. 10 mingdan ortiq vaksinatorlar, patronaj hamshiralari, 33 mingdan ortiq shifokorlar vaksinatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishyapti.

Birinchi navbatda, emlanadigan aholi vakillarini elektron ro‘yxatga olish ishlari olib borilyapti. Yangi emlash.uz deb nomlangan sayt yaratildi. Vaksina olgan fuqarolar bu saytda ro‘yxatdan o‘tkazib boriladi. Ularga emlanganlik haqida tegishli sertifikat ham beriladi”, – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan vaksina 1-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekistonning hissasi va sa’y-harakatlarini inobatga olib, kompaniya ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan ishlab chiqarish va foydalanishga kelishilgan.

Vaksina koronavirusning “britancha” va “afrikacha” shtammlariga qarshi Moderna vaksinasidan olti barobarga yaxshiroq bo‘lib chiqqani ma’lum qilingan.

Xitoy kompaniyasi mazkur vaksinani hamkorlikda ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyatini o‘rganib, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasini tanlagan.

Ushbu vaksina 1-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Keyinroq O‘zbekiston koronavirusga qarshi 1 mln doza ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Bundan tashqari, Rossiya tashqi ishlar vaziri “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekistonda ro‘yxatga olinganini aytdi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi esa “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni hali davom etayotganini ma’lum qildi. Vaksinani ommaviy qo‘llash jarayoniga 17-fevral kuni ruxsat berilgan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog