O‘zbekistonda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga subsidiyalar ajratiladi

Foto: Xs.uz

O‘zbekiston Prezidenti 3-mart kuni “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvargacha naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

2021-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishidagi krediti bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlarga, ularning kredit bo‘yicha qarzdorligi to‘liq qoplanmaguncha, yangi kreditlar bo‘yicha jamg‘armaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat beriladi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab respublika budjetidan subsidiyalar quyidagi QQS to‘lovchilariga ajratiladi:

  • chorvachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2000 so‘m hamda sutining har bir litri uchun 200 so‘m;
  • parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 800 so‘m;
  • baliqchilik xo‘jaliklariga — intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr)ning har bir kilogrammi uchun 3000 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 so‘m miqdorida.

Subsidiyalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan, shuningdek, kontragentlarni tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo‘lgan korxonalarga ularning subsidiyalar olish to‘g‘risidagi arizalariga asosan keyingi oyning 25-sanasigacha ajratiladi.

“O‘zbekchorvanasl” agentligi markaziy apparati tuzilmasida Parrandachilik va quyonchilik sohalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi. Mamlakatning barcha hududlaridagi “Chorvanasl” markazlarida parrandachilik va quyonchilik ishlarini rivojlantirish sektorlari tashkil etiladi.

Davlat veterinariya xizmati tizimida chorva mollari, parrandalar va baliqlar oziqasi tarkibini tahlil qilish hamda parrandalar kasalliklari tashxisini qo‘yish bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etiladi. Laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 3 milliard so‘m ajratiladi.

Moliya vazirligiga “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan sun’iy suv havzalari, ularda yetishtiriladigan baliqlar va baliqchilik texnologik uskunalarini sug‘urtalash tartibini ishlab chiqish topshirilgan.

Bunda sug‘urta hodisalari sifatida bo‘ron, dovul, sel, suv toshqini, zilzila, kasalliklar oqibatida nobud bo‘lish, mazkur joyga xos bo‘lmagan darajada havoning sovuq yoki issiq kelishi, portlash, baliqxo‘r qushlar tomonidan zarar yetkazilishi va uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan harakat, o‘g‘riliklar (jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa) kabi holatlar nazarda tutilishi lozim.

Bundan tashqari, parrandachilik korxonalaridagi mavjud parrandalarni turli kasalliklar va favqulodda vaziyatlar (elektr energiyasi va tabiiy gazdagi uzilishlar) oqibatida nobud bo‘lishini sug‘urtalash tartibi ishlab chiqiladi.

Bunda parrandalar bosh sonini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta tovonining 50 foizigacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog