O‘zbekistonda cho‘g‘lanma lampa ishlab chiqarish to‘xtatiladi

O‘zbekistonda cho‘g‘lanma lampalarni ishlab chiqarish va sotishni to‘xtatish, energiya sarfi hajmini qisqartirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Sledcomspb.ru

Birinchi Prezidentning 2013-yil 1-martdagi «Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va 2015-yil 5-maydagi «2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2016-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida 2016/2017-yil kuz-qish mavsumida energoresurslarni tejash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni hisobga olgan holda 1210,3 million kVt/soat elektr energiyasi va 991,2 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga erishildi.

Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 26-maydagi «2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati tarkibidagi “EGL-NUR” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyatida svetodiod lampalar va yoritgichlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu korxona Janubiy Koreyaning “EG Lightings” kompaniyasi hamkorligida 2013-yil dekabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan. Korxona oyiga 200 ming dona svetodiod lampa va 1000 dona yoritgich ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Ishlab chiqarilayotgan ushbu tejamkor lampalardan foydalanish muddati 30 ming soatdan ortiq. Bu oddiy cho‘g‘lanma lampadan 30 barobar ko‘p degani. Oddiy cho‘g‘lanma lampaga nisbatan 9-10 barobar kam energiya sarflaydi. Svetodiod lampalar hisobidan xonadonlarda energiya sarfi bir necha barobar kamaymoqda.

Qabul qilingan qarorning amaliyotda izchil qo‘llanilishi nafaqat yoritish maqsadlarida elektr energiyasidan samarali foydalanishni, balki mahalliy korxonalarda energiyani tejaydigan lampalarni ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlaydi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog