O‘zbekistonda bolalarga bepul kitoblar to‘plami tarqatiladi

O‘zbekistonda qishloq hududlarida yashaydigan 3 — 6 yoshdagi farzandlari maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olinmagan oilalar bolalariga o‘qib berishi uchun bepul kitoblar yaratildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

Foto: International Book Giving Day

Kitoblar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish» loyihasi asosida chop etildi.

Loyiha doirasida kitoblar to‘plamini ota-onalarga tarqatish uchun tavsiyanoma ishlab chiqildi. Unga muvofiq, «Mahalla» xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalari va viloyat xalq ta’lim boshqarmalari tomonidan 3 — 6 yoshdagi farzandlari bog‘chalarga qamrab olinmagan oilalarning ro‘yxati shakllantirildi.

Xalq ta’limi vazirligining yuqorida nomi keltirilgan loyiha konsultanti Mavluda Nishonovaning aytishicha, yetti nomdagi mazkur kitoblar to‘plami ota-onalarga mo‘ljallangan qo‘llanma hamda bolalarga o‘qib berish uchun ertak va she’rlardan iborat badiiy adabiyotni o‘z ichiga oladi. Jumladan, «Oilada mutolaa qilamiz» deb nomlanuvchi kitob aynan ota-onalarga farzandlariga nimani o‘rgatish kerakligi to‘g‘risidagi qo‘llanmadir.

«Kitoblar olamiga ilk sayohatim» deb nomlangan 2-kitob 3 — 5 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan. 3-kitob «Mening sevimli kitobim», 4-kitob 5 — 7 yoshdagi bolalarga atalib, «Kitoblar — mening do‘stlarim» deb nomlanadi. 5-kitob «Salom, maktabim» deb atalgan. Ularning barchasida shu yoshga mo‘ljallangan turli ertaklar, she’rlar jamlangan. «Olamni o‘rganamiz» nomli 6-kitobda esa maktabgacha yoshdagi bolalarning atrof-muhit, tabiat to‘g‘risidagi hamda elementar matematik tushunchalarni rivojlantiruvchi asarlar kiritilgan. «Jahon xalqlari ertaklari»ni aytib berish uchun 7-kitob juda qo‘l keladi.

Har bir asar o‘zbek va rus tillarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa o‘zbek, rus hamda qoraqalpoq tillarida chop etilgan. Ertak, rivoyat va she’rdan so‘ng asar mazmuni bo‘yicha savol hamda topshiriqlar berilgan bo‘lib, bu kichkintoylarning asar g‘oyasini yanada chuqurroq anglashiga, undagi voqea-hodisalar haqida mulohaza yuritib, fikrini erkin ayta olishi, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Kitoblar to‘plamini tarqatish ikki bosqichda amalga oshirilib, dastavval 200 ming oila, keyin esa 153 ming oila bu qo‘llanmalarga ega bo‘ladi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar