O‘zbekistonda birinchi marta jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

O‘tgan yildan buyon akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik markazida yaqin qarindoshlar o‘rtasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda. Kuni kecha markazda O‘zbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Operatsiya Akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik markazi direktori, akademik Feruz Nazirov va Rossiyaning akademik Valeriy Shumakov nomli Transplantologiya va sun’iy a’zolar Milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori, akademik Sergey Gote rahbarligida o‘tdi.

Uzoq yillardan buyon jigar sirrozi xastaligidan aziyat chekayotgan 26 yoshli parkentlik Ubaydulla Dadaxo‘jayevga uning akasi Hayot Dadaxo‘jayevning donorligida jigar bo‘lagi transplantatsiyasi qilindi.

“Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemor hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li — transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish hisoblanadi. Markazimizda o‘zbek va rus jarrohlari hamkorligidagi guruh bilan ilk bor jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorga jigar bo‘lagi transplantatsiyasi bajarildi. Jarayonda 21 nafar shifokor, 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Aytib o‘tish lozim, amaliyotga katta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lib, markazning texnik imkoniyatlari yaxshilanib, mutaxassislarimiz AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya va Rossiya kabi davlatlarda ayni shu soha bo‘yicha malaka oshirib qaytishdi. Avvalo donor va retsipiyent (bemor) ushbu amaliyotga 3 oy davomida tayyorlandi. Transplantatsiyaga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalar to‘liq o‘rganildi va amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi. Operatsiya jarayoni qariyb 15 soat davom etdi. Hozirgacha olingan barcha tahlillar bemor va donorning umumiy salomatligi yaxshi ekanini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda ayta olamizki, birinchi marta o‘tkazilgan ushbu murakkab operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi”, — deyiladi xabarda.

Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150—200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda ana shu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Endilikda esa shunday murakkab va noyob operatsiyalar O‘zbekistondagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar