Foto: Knowledge Hub - Satair

O‘zbekistonda avgust oyidan koronavirusga qarshi o‘zbek-xitoy vaksinasini ishlab chiqarish boshlanadi

/

O‘zbekistonda avgust oyidan boshlab COVID-19’ga qarshi o‘zbek-xitoy vaksinasi ishlab chiqariladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabar berishlaricha, vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokara o‘tkazish maqsadida 24-iyul kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev va Jurabek Laboratories kompaniyasi vakillari, shuningdek, Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U hamda boshqalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

“Xitoylik hamkorlar O‘zbekistonning farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati bilan dastlabki tanishuvlari natijasida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishning infratuzilmaviy imkoniyatlariga yuqori baho berdi. Kompaniyaning bosh muhandisi Van Chji Szyun O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari mazkur vaksinani ishlab chiqarish talablariga to‘liq muvofiq ekanligini ta’kidladi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi bilan vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolangan. Jumladan, O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarish uchun Xitoy tomonidan xomashyo yetkazib berish muddatlari va hajmi borasida dastlabki kelishuvlarga erishilgan. “Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 million doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 million dozaga qadar olib chiqish mumkinligi bo‘yicha fikr almashdi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish masalalari muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi.

Latest from Blog