O‘zbekistonda aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olish 84%ga yetkaziladi

Prezident 20-aprel kuni “2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qaror aholining keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017-2021-yillarda O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, iste’molchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan, deyiladi hujjat sharhida.

Mazkur qaror bilan, xususan, quyidagi dastur va loyihalar tasdiqlanmoqda:

10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudug‘i, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruktsiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini o‘rnatish nazarda tutilayotgan tumanlar va aholi punktlari bo‘yicha 2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining yig‘ma va manzilli parametrlari;

20 ta ichimlik suvi ta’minoti ob’ektini qurish va rekonstruktsiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv o‘tkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan 2017-2021-yillarda mintaqalararo ahamiyatga molik ichimlik suvi ta’minoti tizimlari va o‘ta muhim ob’ektlarni barpo etish hamda rekonstruktsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur;

xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb etgan holda, respublika hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruktsiya qilish manzilli dasturi.

Dasturni 2017-2021-yillarda moliyalashtirish uchun 4,8 trillion so‘m, jumladan, davlat byudjetidan 2,2 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion so‘m yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, uning mablag‘lari O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublika aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, qarorda ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlaridan yanada ishonchli foydalanish maqsadida har bir aholi punktidagi ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlarini pasportlashtirish va ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlarining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish nazarda tutilgan.

Ushbu qarorning amalga oshirilishi shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini tubdan yaxshilash; aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olishni respublika miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazish; aholi keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Latest from Blog