O‘zbekistonda 7ta erkin iqtisodiy zona tashkil etiladi


4-may kuni Prezidentning “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.

Farmon sharhida aytilishicha, ushbu hujjatning qabul qilinishi, avvalambor, respublikaning farmatsevtika sohasini rivojlantirishga, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirishga keng imkoniyat yaratadi.

Erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish farmatevtika sanoatini yanada rivojlantirishda birinchi darajali vazifa sifatida belgilab berilgan.

Tuproq va iqlim sharoitlari noyobligini inobatga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritilgan. Farmonda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari hamda xo‘jalik birlashmalariga quyidagi topshiriqlar yuklatildi:

yer uchastkalari chegaralarini belgilash va ularni erkin iqtisodiy zonalar tarkibiga kiritish uchun ajratish;

kelgusida dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil qilish uchun yer uchastkalarini aniqlash va ularni ajratish;

erkin iqtisodiy zonalar hududlarida sanoat plantatsiyalarini tashkil etish, o‘stirish uchun tavsiya etiladigan dorivor o‘simliklarning ro‘yxatini tuzish hamda keyinchalik ushbu dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash, dori-darmon vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli Dastur ishlab chiqish.

Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan, ushbu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi.

Jumladan, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan tegishli investitsiyalar kiritilganda, ular:

yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan;

O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan to‘lash hamda hisob-kitob qilish shartlari va shakllaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining barchasi va har biri uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar hududlari, shuningdek, ularning ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlari tegishli tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlanadi.

Shuningdek, Farmonning ahamiyatli tomonlaridan yana biri tijorat banklariga o‘z mablag‘lari va jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga erkin iqtisodiy zonalar hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, dorivor o‘simliklar xomashyosi yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar tashkil etish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fermer xo‘jaliklariga kreditlar ajratish tavsiya etilmoqda. Shu bilan birga, garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda tijorat banklari investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga texnologik uskunalarni lizing asosida belgilangan tartibda yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Latest from Blog