O‘zbekistonda 2021-yildan Nike va Adidas brendi ostidagi krossovkalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Andijonda Nike va Adidas brendi ostida mahsulot ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga tayanib, Review nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2019-yil boshida Xitoyda Nike, Adidas brendi ostida krossovkalar ishlab chiqaruvchi Tianjin Zhongzhilihua kompaniyasi bilan SinoInternational MChJ o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Ushbu brendlar ostida mahsulot ishlab chiqaradigan zavod Andijon viloyatida ishga tushadi.

Nike va Adidas krossovkalarini ishlab chiqaruvchi liniya 2021-yil 4-choragida ishga tushib, 2022-yilning 3-choragida to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Zavodda yiliga jami 3 million juft sport poyabzali ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

2019-yil boshida amalga oshirilgan Tianjin Zhongzhilihua kompaniyasi bilan SinoInternational MChJ o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Andijon viloyatida 2020—2022-yildan bosqichma-bosqich (3 bosqichda) Nike va Adidas krossovkalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Markaziy Osiyo davlatlariga tayyor mahsulotlarning 50 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

SinoInternational MChJ korxonasiga Andijon viloyati Asaka tumanidan 1 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, hozirda 1000 kvadrat metr joyga bino inshootlari qurilgan. Dastgohlar olib kelib o‘rnatilgan. Korxona 2020-yilning 4-choragida ishga tushgan.

Viloyatdagi ishsiz erkaklar va ayollarni ishga jalb qilgan holda hozirda sinov tariqasida 1 oyda 40 ming juft bolalar va o‘smirlar krossovkalari ishlab chiqarilmoqda.

Nike, Adidas krossovkalari talab darajasida ishlab chiqarilganidan so‘ng ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 50 foizini Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilishni Tianjin Zhongzhilihua kompaniyasi o‘z zimmasiga olgan. Shu bilan birga, SinoInternational MChJ xalqaro yarmarkalarda ishtirok etish hisobiga 30 foizini boshqa davlatlarga va 20 foizini ichki bozorga sotishga kelishilgan.

Loyiha to‘liq ishga tushishi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri 12 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan. Hozirda xorijiy investor tomonidan 6 million dollarlik investitsiya kiritilgan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan xorijda charm mahsulotlarini sotish uchun Multibrand do‘konlar tashkil etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 2019-yilda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Farhod Nurmuhammedov O‘zbekistonda O‘rta Osiyo hududida teri va teridan mahsulot tayyorlanadigan markaz bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini aytgandi.

Latest from Blog