Foto: CNN

O‘zbekistonda 2020-yilda 17,1 mlrd so‘mlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan

/

O‘zbekistonda 2020-yilda 17,1 milliard so‘mlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan. Bu haqda Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov ma’lum qildi.

Fazliddin Bozorovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan kichik nominaldagi banknotlarni bosqichma-bosqich muomaladan qaytarib olinishi, ularning o‘rniga shu nominaldagi tanga ko‘rinishidagi pul belgilarining chiqarilishi natijasida aholida tangalardan foydalanish ko‘nikmasi shakllanib bormoqda. Buni juda ijobiy holat sifatida qabul qilish lozim.

“Zero, ko‘pgina xorijiy davlatlarda ham aholi tomonidan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda, qaytim qaytarishda tangalardan keng foydalaniladi. Asosan, kichik qiymatdagi pul belgilari tanga ko‘rinishida muomalaga chiqariladi”, — deydi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda yangicha ko‘rinishdagi va oldingi tangalarga nisbatan yengilroq, ixchamroq ko‘rinishda 50, 100, 200, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalar chiqarilgan va tangalar yetishmaslik holatlari yuzaga kelmasligini ta’minlash uchun doimiy ravishda tangalar muomalaga chiqarib borilmoqda.

Bozorovning ta’kidlashicha, 2018-yilda 8,3 milliard so‘mlik, 2019-yilda 12,5 milliard so‘mlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 17,1 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Fuqarolar, shu jumladan, savdo shoxobchalari ham banklardan qog‘oz pullarni kichik qiymatdagi kupyuralar va tangalar ko‘rinishida “maydalab” olishlari, shuningdek, savdo shoxobchalari ularga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan hisob raqamlaridagi mablag‘lar doirasida naqd pullarning bir qismini tanga ko‘rinishida olishlari ham mumkin.

Banklarni esa ularning talablariga ko‘ra, Markaziy bank tangalar bilan ta’minlaydi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunda ham Markaziy bank va banklar talabga ko‘ra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday to‘lovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshirishi belgilangan.

“Lekin ayrim savdo shoxobchalari orqali aholiga qaytim qaytirish uchun tangalarning mavjud bo‘lmay qolishi yoki qaytim o‘rniga kam baholi tovarlar, masalan, saqich, konfet, gugurt berilishi tadbirkor uchun foydaliroq hisoblanadi. Shuning uchun buni tanga yetishmovchiligi sifatida baholanishi noto‘g‘ri bo‘lib, avvalo, aholiga savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarning o‘zlari qaytim qaytarish uchun yetarli tanga pullarga ega bo‘lishi lozim. Tangalarni esa tadbirkor xohlagan bankidan qog‘oz pullarni “maydalash” orqali yoki o‘z hisob raqamidagi mablag‘lar hisobidan olishi mumkin.

Bemorning qayeri og‘riyotganini o‘zidan boshqa hech kim his qilmaganidek, tadbirkorning tangaga bo‘lgan talabini ham banklar yoki Markaziy bank bilishi yoki o‘zicha baholashi qiyin.

Misol uchun, bugungi kunda keng tarmoqqa ega bo‘lgan yirik supermarketlar, ‘Toshkent metromoliteni’, avtobus saroylari ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarga murojaat qilib, zarur miqdorda tanga pullarni olishmoqda.

O‘z navbatida, Markaziy bankning joylardagi hududiy bosh boshqarmalarida doimiy ravishda mayda qiymatdagi pullar, jumladan, tangalar zaxirasi shakllantirilmoqda va talabga asosan yetkazib berilishi ta’minlanmoqda”, — deydi Markaziy bank departamenti direktori.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar