O‘zbekistonda 2017-yilda jinoyatlar 15 foizga kamayishiga erishildi

O‘zbekistonda 2017-yili qo‘shimcha 175 ta ichki ishlar bo‘linmalari va 824 ta tayanch punktlari tashkil etildi. Profilaktika inspektorlari soni 1102 nafarga oshirildi, IIV huzurida Tergov departamenti, joylarda esa surishtiruvchilar instituti shakllantirildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma’lum qildi.

Foto: O‘zA

— 2017-yilda mamlakatda 73692 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 13720 taga yoki 15,7 foizga kamayishga erishildi, — deydi Po‘lat Bobojonov. — Xususan, qotillik 22, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1, nomusga tegish 21,8, bosqinchilik 22,8, talonchilik 21, o‘g‘irlik 6,6, firibgarlik 5,7, bezorilik 37,9, transport vositalarini olib qochish 6,2 foizga kamaydi.

Jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda va sodir bo‘lgan jinoyatning o‘z vaqtida fosh etilishini ta’minlashda hududiy profilaktika inspektorlari muhim o‘rin tutmoqda. Bunda ularning shaxsiy mas’uliyati kuchaytirilishi bilan bir vaqtda ijtimoiy muhofazasi ham tubdan yaxshilangani muhim ahamiyat kasb etdi.

Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ishlar natijasida o‘tgan yil davomida respublikadagi mavjud 8973 mahallaning 1079 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi.

Profilaktika inspektorlari haqida gap ketsa, ular faoliyatidan qoniqmaslik yoki ularni faqat tanqid qilish holatlari ko‘proq kuzatiladi. Biroq, ular ko‘pincha osoyishtalik uchun tunni tongga ulab xizmat qilishini unutmaslik lozim. Ularning ko‘pchiligi zarur bo‘lsa, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jonini ham ayamaydi.

Jumladan, 2017-yil 13-dekabr kuni Toshkent shahar, Mirobod tumani, Mironshoh 8-tor ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan katta bosimdagi suv quvuri yorilib ketgani tufayli shu ko‘chadagi 18 xonadonda yashovchi aholi qaynoq suv girdobida qoldi. Voqea joyiga tezlik bilan yetib kelgan profilaktika inspektori leytenant Islom Beknazarov 27 fuqaroning hayotini saqlab qoldi, o‘zi esa jarohat oldi.

Latest from Blog