Foto: AzerNews

O‘zbekistonda 1-apreldan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatiladi. To‘ylarda mehmonlar soni cheklanadi

/

O‘zbekistonda 2021-yilning 1-aprelidan ommaviy tadbirlar o‘tkazishga qator cheklovlar o‘rnatiladi, deya xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Vazirlik xabar qilishicha, qator soha mutaxassislari va yetakchi olimlarning takliflarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi so‘nggi kunlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortganligi munosabati bilan mamlakatda keskin epidemiologik holat yuzaga kelishining oldini olish maqsadida quyidagi takliflarni ma’qulladi:

Qayd etilishicha, 2021-yilning 1-aprelidan boshlab O‘zbekiston hududida:

to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik nazoratni kuchaytirish va tashrif buyuruvchilar sonini 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish;
teatr, kino (kinoteatr) va konsert-tomosha dasturlarini tashkil etishda:

tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarga tashrif buyuruvchi tomoshabinlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning qat’iy niqobda (maskada) bo‘lishlarini ta’minlash;
tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning tomoshabin sig‘imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmaslik;
tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta’minlash;
tomosha dasturlariga tashrif buyuruvchilarning tana harorati nazoratini o‘rnatish hamda tana harorati ko‘tarilgan shaxslarni dasturga qo‘ymaslik;
tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarda savdo shoxobchalari faoliyatini to‘xtatish (niqob va antiseptik vositalar savdosi bundan mustasno);
tomosha dasturlari bo‘yicha tarqatilayotgan (sotilayotgan) chiptalarga “Faqat sog‘lom bo‘lsangizgina tashrif buyuring” yozuvini yozish orqali aholini ogohlikka chaqirish va boshqa tomoshabinlarga kasallik yuqib qolishining oldini olish choralarini ko‘rish;
tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning kirish qismida tomoshabinlarning binoga tartibli kirishlarini ta’minlash maqsadida maxsus lentalar yordamida bir qatorli kirish va chiqish yo‘laklarini o‘rnatish tartibi belgilandi.
Tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarda karantin qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat tashkilotchilar zimmasiga yuklatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 14-mart kuni O‘zbekistonda dekabrdan beri birinchi marta bir kunda 100 dan ortiq odamda koronavirus aniqlanib, shundan 93 tasi Toshkent shahrida qayd etilgandi. Poytaxtda koronavirusga chalinish holatlari, asosan, o‘quvchilar, talabalar va tashkilot xodimlari orasida ko‘paygan. Xususan, Toshkentdagi 77 ta maktabda o‘quvchilar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, 117-sonli bog‘chada ikki nafar tarbiyachi va bolalarda koronavirus aniqlangani sabab mazkur bog‘cha vaqtincha yopildi.

Koronavirus keng tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkentdagi ayrim maktablarda o‘qish bosqichma-bosqich masofaviy shaklga o‘tkazilmoqda, bozor va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi taksi va qurilish sohasida karantin choralari kuchaytirilishi, poytaxt hokimligi va uning tizimidagi barcha tuzilmalarda turli yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Latest from Blog