O‘zbekiston yoshlari interfaol mediamaydonni tashkil etadilar

2017-yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan “Yoshlar press klubi”ni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida qo‘shma qaror imzolandi.

Mazkur qo‘shma qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi PQ-3138-son Qarori 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 28, 32-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qo‘shma qarorga muvofiq “Yoshlar press klubi”ning nizomi ham tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra press klub Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasi 11-uyda joylashadi.

Press klubning asosiy maqsadi etib mamlakat yoshlari hayotida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tezkor va sifatli yoritishda interfaol mediamaydonni tashkil qilish orqali ijtimoiy muloqotni yanada kuchaytirish, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini tahlil qilish hamda yoshlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida obyektiv ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazish belgilangan.

Kinematografiyani rivojlantirish markazi qo‘shma qarorning 4-bandida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston MTRK bilan birgalikda hozirgi kunda “Yoshlar press klubi” uchun ajratilgan maxsus zalni rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash va jihozlash ishlarini yakuniga yetkazmoqda.

Latest from Blog