O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi, xabar berdi O‘zA.

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Turkiya xalqi va o‘z nomidan davlat rahbarini va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 26 yilligi va muborak Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti barcha musulmonlarning muborak bayrami munosabati bilan Turkiya rahbari va qardosh turk xalqiga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.

Ikki davlat rahbarlarining 2016-yil noyabr oyida Samarqand shahrida va joriy yil may oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvlari barcha sohalarda o‘zaro munosabatlarning yanada faollashuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli va har tomonlama O‘zbekiston-Turkiya sherikligini chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Latest from Blog