O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari muloqot o‘tkazdi

26-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anni tug‘ilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta e’tibori va sa’y-harakatlarini hamda qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida qayd etdi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Prezident Shavkat Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti timsolida O‘zbekiston — Turkiya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy birodar va hamfikrga ega bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekiston rahbarining 2017-yil oktabrida Turkiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni hayotga to‘liq tatbiq etish borasida kelishib olindi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga bo‘lg‘usi oliy darajadagi tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish hamda muqaddam erishilgan kelishuvlarning bajarilishi masalalari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tashkillashtirish muhimligi e’tirof etildi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston — Turkiya hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdi.

Latest from Blog