O‘zbekiston va Rossiya qurolli kuchlarining hamkorlikdagi mashqlari boshlandi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Oldinroq 2-oktabr, dushanba kuni ertalabki soatlarda Toshkentdagi aerodromga rossiyalik harbiy xizmatchilar o‘tirgan bort kelib qo‘ngani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston Prezidentining 4–5-aprelda Rossiyaga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalish va istiqbollarini belgilab berdi. Mazkur mashqlar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan bir paytda o‘tkazilmoqda.

Maxsus taktik-o‘quv mashqlarida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, murakkab tog‘ sharoitida noqonuniy qurollangan bo‘linmani yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikda aksilterror amaliyoti o‘tkazishadi. Maqsad — tajriba almashish, harbiy sohada hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.

O‘quv mashqlarining birinchi kuni qurol-yarog‘ va harbiy texnika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘llanilayotgan jangovar qurol-aslaha va texnika vositalari namoyish etildi.

Shu kuni ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida sportning bir necha turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘quv mashqlari doirasida harbiy ilmiy konferensiya va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Latest from Blog