O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi “yashil yo‘lak” yil oxirigacha to‘liq quvvatda ishga tushadi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berilishi hajmini oshirish uchun yaratilgan “Yashil yo‘lak” 2017-yil oxirigacha to‘liq quvvatda ishga tushadi. Bu haqda Rossiya qishloq xo‘jalik vaziri o‘rinbosari Sergey Levin Toshkentdagi Xalqaro meva va sabzavot yarmarkasi ochilish marosimida ma’lum qildi, deb yozadi UzDaily.

Foto: “Gazeta.uz”

U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ulkan salohiyatga ega ekanligini va Rossiya O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirishga katta e’tibor qaratayotganligini ta’kidladi.

U O‘zbekiston va Rossiya ushbu mahsulotlarning tezlashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha “yashil yo‘lak”ni yaratish haqida bitim imzolaganini eslatdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, 2017-yil iyulidan “yashil bojxona yo‘lagi” sinov rejimida ishlamoqda, ammo yil oxirigacha to‘liq quvvatda ishga tushadi.

O‘zbekiston va Rossiya “yashil yo‘lak” yaratish bo‘yicha fitosanitar nazorat sohasidagi ishlarni yakunlamoqda. O‘zbek ishlab chiqaruvchilari va Rossiya nazorat xizmatlari “Argus Fito” yagona elektron tizimda ishlashni boshladi, bu esa tovar aylanmasining sezilarli darajada o‘sishiga imkoniyat yaratadi, dedi Levin.

Latest from Blog