O‘zbekiston va Qozog‘iston 1,2 mlrd dollarlik shartnomalarni imzoladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston mart oyida Ostonada, 16-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikkita biznes-forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarlik shartnomalarni imzoladi. Ushbu mablag‘ning katta qismi — 840 mln dollari birinchi forum hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Gazeta.uz

Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz»da Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning davlat tashrifi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda ikki davlat vazirlik va mahkamalari rahbarlari, tadbirkor doiralar vakillari ishtirok etdi.

Toshkentda o‘tgan biznes-forum yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. «O‘zavtosanoat» kompaniyasi «Allyur» Kompaniyalar guruhi bilan Qozog‘iston hududida GM Uzbekistan yengil avtomobillarini sanoat usulida yig‘ish borasidagi bitimni, «Texnoeksport» kompaniyasi «Elektron» kompaniyasi bilan Qozog‘istonga maishiy texnikalarni yetkazib berish to‘g‘risidagi memorandumni, «O‘ztadbirkoreksport» va Markaziy Osiyo saydo uyi Qozog‘istonga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi.

«O‘zfarmsanoat» va «Ximfarm», «O‘zmetkombinat» va «Ferrum-Vtor», «O‘zelektroapparat-Elektroshit» va Alageum Electric hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzoladi. Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va Janubiy Qozog‘iston viloyati Tadbirkorlar palatasi o‘rtasida ham hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Latest from Blog