O‘zbekiston va Qirg‘iziston bahsli chegara hududlarni xatlovdan o‘tkazishga kelishib oldi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 24—25-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyasining uchrashuvi yakuni bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi. Bu haqda “AKIpress” agentligiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida qatnashish uchun 25-mart kuni Toshkentda kelgandi.

“O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi barcha bahsli hududlar hal etildi. Endilikda ular bo‘lmaydi”, — deydi Qamchibek Tashiyev.

Tashiyevning ta’kidlashicha, tomonlar loyiha chizig‘ining Kampirravot (Andijon) suv ombori hududida 900 gorizontal ostidan 312-raqamli chegara nuqtasidan 312/3-raqamli chegara nuqtasigacha o‘tishi to‘g‘risida kelishib olgan. Quyidagi shartlar bajarilsa, to‘g‘on O‘zbekiston hududida qoladi:

  • Kampirravot suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risida hukumatlararo kelishuvni imzolash. Bunda uni 900 gorizontaldan yuqoriga to‘ldirmaslik kerak bo‘ladi, favqulodda vaziyat bundan istisno;
  • O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston fuqarolarini suvdan erkin va to‘siqlarsiz foydalanishini ta’minlashi kerak bo‘ladi. Bunga baliqchilik, sug‘orish, hayvonlarga suv berish va boshqalar kiradi;
  • O‘zbekiston tomoni suv ombori “piyolasi”ning atrofida muhandislik-texnik qurilmalarni o‘rnatmaslik majburiyatini oladi.

Qamchibek Tashiyevning ma’lum qilishicha, demarkatsiya jarayonida O‘zbekiston Andijon viloyatining O‘sh viloyati Uzgen tumani va Jalolobod viloyatining So‘zak tumanlari bilan chegaradosh hududdagi 304 va 312-raqamli chegara nuqtalari oralig‘idagi 1000 gektar yerni tovon sifatida Qirg‘izistonga topshiradi.

Shu munosabat bilan, tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston suv xo‘jaligi tashkilotlariga Kampirravot suv omborining suv resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan.

Shuningdek, tomonlar Shahrixonsoy kanalining hududlarini (chap tomoni), 312 va 312/3 chegara nuqtalari hududidagi Andijon suv ombori to‘g‘onini, kanaldan to‘g‘on o‘rtasigacha, O‘zbekistonga 50 gektar yerni qoldirib, xatlovdan o‘tkazishga kelishib olgan.

O‘zbekiston tomoni demarkatsiya jarayoni davomida Andijon viloyati va O‘sh viloyati Uzgen tumani bilan chegaradosh hududda 304 va 312-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 50 ga yerni Qirg‘izistonga tovon sifatida topshiradi.

O‘rta-To‘qay (Kosonsoy) suv ombori qurilishi uchun ajratilgan yerlarning tovoni sifatida Ko‘k-Serek (Qoraqo‘rg‘on) hududi xatlovdan o‘tkaziladi, bunda 23 va 24-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 105 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi.

Ikki mamlakat quyidagi hududlarni ham xatlovdan o‘tkazishga kelishib olishdi:

  • Bayastan hududi, 81 va 82-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 212 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Savay hududi, 312/4 va 312/6-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 100 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Unkar-Too hududi, 113 va 114-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 35 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • demarkatsiya vaqtida Beles hududi qayta xatlovdan o‘tkaziladi, 25 va 27-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 25 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • qo‘shma dala tadqiqotlaridan so‘ng Gavasoy hududi xatlovdan o‘tkaziladi, bunda Kampirravot kanalining qurilmagan chap sohili evaziga Qirg‘izistonga 8000 gektar yer qoldiriladi.

Bundan tashqari, tomonlar Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini tayyorlashadi. Tomonlar ishchi guruhlarga qo‘shma dala tadqiqotlarini o‘tkazishini va yuqorida keltirilgan hududlarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha taklif tayyorlash uchun topshiriq bergan.

Fikr bildirish

Latest from Blog