Foto: Verteidigungsministerium / Twitter

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari Afg‘onistondan fuqarolar evakuatsiyasini muhokama qildilar

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishiga alohida eʻtibor qaratildi. Ushbu mamlakatdagi harbiy-siyosiy keskinlikning kuchayishi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik holatiga jiddiy salbiy taʻsir koʻrsatishi mumkin ekani taʻkidlandi.

Afgʻon muammosining tinch yoʻl bilan hal etilishiga koʻmaklashish boʻyicha birgalikdagi saʻy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish hamda mintaqadagi vaziyat yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlashuvlar olib borish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Afgʻonistondan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalari boʻyicha hamkorlik ham davom ettiriladi.

17-avgust kuni Germaniya Qurolli kuchlarining (Bundesver) ikkinchi evakuatsiya samolyoti 125 nafar yoʻlovchi bilan Afgʻonistondan Toshkentga uchib keldi. Samolyot Kobuldan havoga koʻtarilishi bilan GFR Mudofaa vazirligi Twitter sahifasiga Airbus A400M Kobuldan Toshkentga qaytayotgani haqida xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, bortda Germaniya fuqarolari, mahalliy afgʻon xodimlari hamda “himoyaga muhtoj boshqa shaxslar” borligi taʻkidlangan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Mas (Heiko Maas) shunday deb yozdi: “Aviatashuvlar boshlandi va bu xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat taqozo etguniga qadar davom etadi”.

GFR mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer esa Afgʻonistondan amalga oshirilayotgan evakuatsiyani xavfli missiya ekani, biroq Bundesverda malakali xodimlar borligini maʻlum qildi.

“Maqsad himoyaga muhtoj koʻproq odamlarni tezkorlik bilan evakuatsiya qilish uchun Toshkent va Kobul oʻrtasida havo koʻprigini qurishdan iborat”, — dedi u.

DW maʻlumotlariga koʻra, Bundesverning ilk samolyoti 17-avgust kuni murakkab sharoit va xavfsizlik sababli bir necha urinishdan keyin Kobul aeroportiga qoʻngan hamda bortga faqatgina 7 kishi — besh nafar germaniyalik, bir nafar Yevropaning boshqa davlati fuqarosi va kobullik bir afgʻonni ololgan.

Germaniya hukumati Afgʻonistondan odamlarni evakuatsiya qilish operatsiyasi uzluksiz davom etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqchi. Bundesver 17-avgustda Kobuldan Toshkentga yana ikkita evakuatsiya reysini rejalashtirgan, dedi Xeyko Masv. Uning soʻzlariga koʻra, ikkita Airbus A400M samolyotidan tashqari, AQSh Harbiy havo kuchlarining mashinalari ham jalb qilinadi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, Toshkentga qoʻngan yoʻlovchilar keyinroq Lufthansa aviakompaniyasi samolyotlariga oʻtirib, Germaniyaga yetkaziladi. Birinchi samolyot Toshkentdan Frankfurt-Maynga chorshanba kuni kechqurun uchishi rejalashtirilgan. Germaniya hukumati bilan kelishuv asosida Lufthansa Kobuldan Qatar poytaxti Doxaga ham parvozlarni amalga oshiradi. Keyingi kunlarga ham bir nechta evakuatsiya reyslarini amalga oshirish belgilangan, biroq ularning aniq soni hozircha maʻlum emas.

Latest from Blog