O‘zbekiston TIV Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan fuqaro bilan aloqa o‘rnatishda “Ozodlik” radiosidan yordam so‘radi

O‘zbekiston tomoni “Ozodlik” radiosi veb-sahifasida 2017-yil 1-sentabrda “AQShdagi o‘zbek diplomatlari ustidan prezidentga arz qilmoqdalar” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolaga e’tibor qaratdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati 2-sentabr kuni ma’lum qildi.

Foto: fb.com/MFAUZB

“Shu munosabat bilan ma’lum qilamizki, Vashington shahrida bo‘lib turgan respublika TIVning mas’ul xodimi Qadamboy Sultonovga maktubdagi masalalarni muhokama qilish uchun muallif bilan uchrashish vakolati yuklatilgan”, — deyiladi TIV bayonotida.

TIV o‘z axborotida “Ozodlik” radiosi veb-saytida maqolaga asos bo‘lgan bayonot muallifi M.Xalikovning manzili va bog‘lanish uchun boshqa ma’lumotlari keltirilmaganligi sababli, radio tahririyati Xalikov bilan aloqa o‘rnatishda O‘zbekiston tomoniga ko‘mak berishiga umid bildirgan.

Maqola ayni vaqtda AQShda istiqomat qilib kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi Mansur Xalikov nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga bitilgan ochiq xatdir. Unda fuqaro Vashingtondagi O‘zbekiston konsulligi faoliyatidan shikoyat qilgan, xususan, “siyosiy qochoqlarning oila a’zolariga biometrik pasportlarni berishdan bosh tortayotganini” ta’kidlagan.

Latest from Blog