O‘zbekiston terma jamoasi dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi OChda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi

13-16-iyul kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahri dzyudo bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Musobaqaning dastlabki ikki kunida qit’a chempionati yoshlar o‘rtasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Hamyurtlarimiz yakunda 3 tadan oltin va kumush hamda 6 ta bronza medaliga ega chiqib, jami 12 ta medal bilan umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni band etishdi.

Foto: olympic.uz

Janubiy Koreya terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan ikkinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsalar, Qozog‘iston termasi 2 ta oltin, 6 ta kumush va 7 ta bronza medallari bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

5-16-iyunl kunlari endi o‘smir sportchilar qit’a chempionatida tatamiga chiqishdi. O‘zbekiston terma jamoasi ushbu yosh toifasida ham samarali ishtirok etdi. Terma jamoamiz a’zolari o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada jami 10 ta medalga sazovor bo‘lishdi. Ularning 2 tasi oltin, 5 tasi kumush va 3 tasi bronza medallaridir. Ammo ushbu natija O‘zbekiston terma jamoasiga umumjamoa hisobida kuchli uchlikka kirish uchun etarli bo‘lmadi.

Dzyudo vatani hisoblangan Yaponiya termasi 5 ta oltin va 6 ta bronza medallari bilan birinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, Janubiy Koreya terma jamoasi a’zolari 3 tadan oltin va kumush hamda 2 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rindan joy olishdi. Qo‘shnilarimiz – qozog‘istonlik dzyudochilar esa 3 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza bilan uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rilishdi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi ana shu uchta terma jamoadan so‘ng to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Eng asosiysi, har ikkala yosh toifasida terma jamoamiz a’zolari Osiyo chempionatida umumiy 22 ta medalga sazovor bo‘lishdi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda bir qator iste’dodli dzyudochilar kamol topayotganidan darak beradi. Bugun Bishkek tatamilarida kurash olib borgan yosh sportchilarimiz nasib qilsa, yaqin kelajakda milliy terma jamoamiz safida jahonning eng yirik sport arenalarida, jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Demak, sportning ushbu turida yurtimizda mavjud bo‘lgan mustahkam an’analar xali uzoq yillar davom etadi. Zero o‘zbek dzyudosining kelajagi ishonchli qo‘llarda.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar