“O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent viloyati hududida joylashgan Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi “Shovvozsoy” dam olish maskani haqida izoh berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda dam olish maskani O‘zbekiston rahbariyati uchun qurilgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi. Kompaniya izohida xabar asossiz va noxolis ekani aytilmoqda.
Kompaniyaning eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 2010-yildagi qaroriga asosan, Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi “Shovvozsoy” o‘rmon xo‘jaligi yerlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari, kompaniyaning xorijiy hamkorlari, mamlakat aholisi va chet ellik sayyohlar uchun zamonaviy ekoturizm maskanini barpo etish hamda mavjud ekotizimni saqlab qolish maqsadida ajratilgan.
“Bu yerda 2011-yildan boshlab, ya’ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temiryo‘l kompaniyasining budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan, daromadlari hisobidan amalga oshirilgan”, — deyiladi xabarda.
“Ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida ‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, respublika aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda”, — deya qayd etilgan bayonotda.
Kompaniya Telegram kanalida dam olish maskanida hordiq chiqarayotgan insonlar tasvirlangan videorolik e’lon qilingan. “ ‘Shovvozsoy’ dam olish uchun ajoyib joy. Dam olish zonasi Ugam-Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining qo‘riqlanadigan hududida joylashgan. Bu yerda tabiat qo‘ynida oila, hamkasb va do‘stlar bilan unutilmas hordiq chiqarish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan”, — deyiladi rolik izohida.