O‘zbekiston teatrlarining «Seni kuylaymiz, zamondosh!» festivali bo‘lib o‘tmoqda

Yer yuzidagi jamiki insonlar bir-biriga yaqin va qondosh hisoblanib, barchamiz o‘sha nom “Hazrati Inson” ostida yashaymiz. Umr esa hammamizni ma’lum davrlar, hududlar bilan ajratib turadi. Bir davrda yashagan barcha insonlar, bugun millatidan qat’iy nazar “Zamondosh” deya atalgani qulog‘imizga chalinadi. Balki bu nom ostida ham bir dunyo hikmat bordir.

Foto: Panoramio

Poytaxtimizda “Seni kuylaymiz Zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining IV Respublika ko‘rik-festivali 27-iyun sanasidan o‘z ishini boshladi. Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu festivalda yurtimizning barcha teatridagi professional ijodkorlar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etadilar, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etayotgan «Korrespondent O‘zbekiston» muxbiri Dostonbek Rahmatullayev.

Ko‘rik-festivalning tantanali ochilish marosimi O‘zbek milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mazkur teatr direktori Fatxulla Ma’sudov bugungi kun san’atimiz yutuqlari borasida nutq so‘zladilar. So‘ngra teatr repertuaridagi professional darajada sahnalashtirilgan “Imon” spektakli namoyish etildi. Ko‘rik-festival ishtirokchilari, mehmonlar, san’atkorlar va talabalar qalbini millatimiz g‘ururi sifatida sahnaga olib chiqilgan dolzarb mavzudagi asar talqini shukuhi butunlay egallab oldi. Birinchi kun a’lo darajada yakunlandi.

Ko‘rik-festival doirasida jami 10 ta spektakl namoyishi rejaga kiritilgan. Jumladan, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrining “Chegarachi”, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar teatrining “Jasorat yo‘li”, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining “Dildagi dog‘”, Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat akademik musiqali teatrining “Muhabbat shabadasi”, Farg‘ona viloyati rus drama teatrining “Xazon bo‘lgan gul” va shu singari spektakllar o‘rin olgan. Mazkur asarlarda bugungi zamonamizning vakillari bo‘lmish zamondosh insonlar qiyofalari jonli tasvirlangan bo‘lib, mahoratli aktyorlar ijrosida turli talqinlarni ko‘rish mumkin.

Ushbu ko‘rik-festivalda bir spektakl yaralishi ortida mehnat qilgan jonkuyar rejissyor, dramaturg, aktyorlar ansambli, dizaynerlar, dekoratorlar kabi ijodkorlarning ruhiy tendemini, badiiy didini va albatta kasbiy tajribasini baholash nazarda tutiladi. Tadbir doirasiga kiritilgan muhokama jarayonlari fikrimiz dalili bo‘lib, unda hay’at a’zolari sifatida o‘zbek adabiyoti va san’atining kuchli nazariyotchi olimlari qatnashishadi.

Ko‘rik-festival doirasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti daramturgiya yo‘nalishi talabasi Sardor Hamroev qalamiga mansub ikki asarning namoyish etilishi ham yurtimizda olib borilayotgan yoshlar siyosatining strategik ahamiyatga ega ekanligidan dalolat. Shuningdek oliy ta’lim muassasasi bilan bir qatorda institut rektori, professor Baxtiyor Sayfullaevning ham ulkan yutug‘idir.

Ko‘rik-festival doirasida ulug‘ san’atkorlar qabrini ziyorat qilish, yakunda esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida “Sahnada zamondosh obrazi” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirning tantanali yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar munosib taqirlanadilar.

Xulosa qilib aytganda, teatr sahnalarimizda zamondosh insonlar qiyofalarini jonli gavdalanishi hamda ular insonlar qalbida, ongida ezgulik urug‘larini sochishi ayni muddaodir. Biz esa shunday shukuhli tadbirlar ko‘payishini chin dildan istab qolamiz.

talaba

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar